Odamzot mashina emas, u hamma narsani miyasida saqlab turolmaydi. Buning ustiga xayollarmiz o'z ishlarimiz bilan doimiy band bo'ladi. Keling, bir zumga kundalik tashvishlarimizni unutamiz va allaqachon unutganlarimizni yodga olamiz.

Kimgadir yo'l berish, kichik sovg'a ulashish yoki shunchaki ochiq tabassum ila jilmayib qo'yish, bularning bari o'zgalar qalbiga yorug'lik olib kiradi, ezgulik ulashadi. Yon-atrofingizga qanchalik ko'p yaxshilik urug'ini sepsangiz, kezi kelib undan unib chiqqan mevadan o'zingiz ham baxramand bo'lasiz.

Agar o'zingizga yuqori baho bersangiz, bu faqatgina atrofingizdagilarning salbiy fikrlariga sabab bo'ladi. Agar kishi o'ziga to'g'ri baho qo'ya bilsa, ijobiy xislatlarni shakllantira olsa, unda atrofdagilar bizdan o'rnak olishni boshlashadi.

Agar siz biror-bir muammo bilan o'ralashib qolsangizu, boshingizni urishga devor qidira boshlasangiz, bu muammodan qutulasiz degani emas. Vaziyatni to'g'ri chamalay bilish, muammodan oson va tez qutilishga yordam beradi.

Ishlarimiz omadli davom etsa va shu holat davomiy bo'lsa biz doim bir narsani unutib qo'yamiz. Bu dunyoda hech narsa abadiy emas. Barcha narsani o'tkinchi, deb qabul qiling va bugun, ayni damda qo'lingizda bor imkoniyatdan foydalanib qoling.

Siz sayyoradagi eng yoqimtoy inson bo'lishingiz mumkin, ammo ishoning insonlar orasidan sizni yoqtirmaydiganlar, albatta, topiladi. Ularga ahamiyat bermang. Yashashda davom etavering.

Agar siz muhabbat bobida injiq bo'lsangiz, unda o'z baxtingizni xavf ostida qoldirgan bo'lasiz. Agar siz sevgiga astoydil ishonsangiz, unda u sizni, albatta, qidirib topadi.

Gohida, butun insoniyat sizga qarshi chiqayotgandek tuyuladi. Aslida esa bularning bari o'z sababiga ko'ra yuzaga chiqayotgan vaziyatlar bo'ladi. Ana shu vaziyatlarning har biri uchun alohida reja talab etiladi. Yomon xayollarni darhol miyadan chiqarib tashlash kerak. Hech kim oyog'ingizga bolta urish niyatidamas. Tasodif o'z nomi bilan tasodif.

Siz hayotga kulib qarasangiz, hayot sizga kulib qaraydi.

Hech kim onadan yomon bo'lib tug'ilmaydi (tug'ma ruhiy bemorlarni hisobga olmaganda). Kim atrofdagilarga ozor beraversa, bilsinki, u qanchalik yomonlik qilsa, qalbi shunchalik qotib boraveradi. Shu bois kechirimli bo'lishni ham bilish kerak.

Agar munosabatlaringiz, u ishqiy bo'ladimi yoki boshqa maqsaddami, endi ko'rtak otayotgan bo'lsa, bir chetga chiqib o'ylab ko'ring, ular sizga nechog'li foydali. His-tuyg'ularni munosib baholay bilish, munosabatlar bardavomligini ta'minlaydi.

Bayram qilishingiz uchun, albatta, Nobel mukofotini olishingiz shart emas, shunchaki oddiy ishda ham omadingiz chopib, uni bitira olsangiz, vaqt topib, uni, albatta, “yuving”. Mukofot sarflangan har bir energiya o'rnini to'ldiradi, kishini yangitdan g'ayratlantiradi va kelgusi ishlarda muvaffaqiyat qozonishida turtki bo'ladi.

Jamiyatda tinch va osuda yashashni istasangiz, yomon odamlardan uzoqda yurishingizga to'g'ri keladi. Har zamonda bir zamon vaqt topib, atrofingizdagilarni “xom-cho't” qilib chiqing. Va o'zingiz sevgan insonlar davrasida yashashni davom ettiring.

Bo'sh vaqtingizda uyda o'tirib televizor ko'rish yoki biror-bir ko'rgazmaga borish imkoni bo'lsa, o'zingizga ham ruhan, ham ma'nan foyda keltiradiganini tanlang. Ana o'shanisi umringizga foydali bo'ladi.

Bu holat insonning dunyoqarashini keng qiladi. O'zingizga taaluqli barcha narsalar bilan qiziqing va ularni “ipidan ignasigacha” o'rganing. Bilimlarni oshirish yaxshi, albatta, ammo qiziqish ortidan yangi bilimlar orttirilishini unutmaslik lozim.

Qalbingizdagi his-tuyg'ularni yaqinlaringizga eslatib turing. Yaqinlaringizga nisbatan shunday qilmasangiz, ular sizni o'zlariga qanday qilib yaqin deb bilishsin? Balki kimdir bilar, balki yo'q. Hech kim sizning yuragingizga yoki miyangizga kirib chiqmaydi. Shu bois yaqinlarga sovg'a ulashibmi, qo'ng'iroq qilibmi, shirin so'z aytibmi, o'z muhabbatingizni bildirib turing. Ana o'shanda ular ham, siz ham baxtdan masrur bo'lasiz.