20 ta ta’rif, 20 ta xulosa Dunyoda hech bir ayol yo‘qki, yaxshi er, shinam uy, tarbiyali bolalarni orzu qilmagan bo‘lsa... Erkaklarning istagi ham xuddi shunday. Faqat ularning bu boradagi tasavvurlari juda sodda va ayni vaqtda nihoyatda haqqoniy. Erkaklar yaxshi xotin orqali qolgan hammasiga erishish mumkin, deb hisoblashadi. Ushbu maqolamizda siz turli yoshdagi kuchli jins vakillarining biz tomonga qaratilgan tasavvurlari bilan tanishib chiqasiz. Demak, yaxshi xotin bo‘lish sirlarini erkaklar istaklaridan o‘rganamiz. Yolg‘on Bahodir Hojiboyev, 28 yosh: — Ayollar arzimagan vaziyatlarda ham ko‘p yolg‘on gapirishadi. Buni tan olishlari juda qiyinligini bilaman, lekin «pashshadan fil yasash»ga ustaliklari tufayli oilaning tinchi buzilishiga o‘zlari sababchi bo‘lishadi. Deylik, onam rafiqamga ikkita gap aytsa, xotinim buni menga to‘rtta qilib yetkazadi. Ayollar erkaklarga hamma narsani oddiy, sodda qilib, boricha tushuntirishsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki erkak zoti «kosa tagida nimkosa» gaplarni, «qog‘ozga o‘ralgan» istaklarni, gunohga botiruvchi g‘iybatlarni yomon ko‘radi. 1- xulosa: ko‘p yolg‘on gapirmang! Niyat Qodirjon Nortoyev, 21 yosh: — Qizlarga hech tushunmayman. Bir qizga ko‘ngil qo‘yganman, u ham menga yaxshi munosabatda bo‘lishini orzu qilaman. Bunga har tomonlama harakat qilib ham ko‘rdim... U esa har safar «seni ko‘rgani ko‘zim yo‘q», deydi, so‘ng yana o‘zi izlab topadi. Qizlar o‘zi nima istashini aniq bilmaydi, beqarorligidan yigitlarni qiynayverishadi. 2-xulosa: niyatingizni ochiq ayting! Telefon Sanjar Abduqayumov, 17 yosh: — Uyimizdagi barcha ayollar telefonda gaplashishni yaxshi ko‘rishadi. 15 yoshli singlimdan tortib, 65 yoshli buvimgacha. Telefonda muhim bir nimalarni hal qilishsa ham mayli edi. Singlim dugonalari bilan ertaga qanday ko‘ylak kiyishini maslahatlashsa, buvim qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlari bilan to‘yga qanaqa tog‘ora qilishni gaplashadi. Oyim esa turmushga chiqqan opamning qaynonasi haqidagi gap-so‘zlarni eshitib o‘tiradi. Hammasida qo‘l telefoni bor, kamiga uy telefoni ham tinmaydi. Meni «paynet»chilar ham tanib qolgan. Agar qo‘limda bo‘lganida hamma telefon simlarini uzib tashlagan bo‘lardim. Uylansam, xotinimga telefon ishlatishiga ruxsat bermayman! 3-xulosa: telefondagi suhbatlarni keskin qisqartiring! Tuyg‘ular Muzaffar Shodiyev, 28 yosh: — Uylanganimga 4 yil bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im o‘zimdan 6 yosh kichik, qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan, g‘o‘rgina qizcha edi. Hozir ancha uquvli bo‘lib qolgan, ikki bolaning onasi. Ayollarni shirin ovqat pishirishga o‘rgatish mumkin ekan-u, ammo shirin so‘zli qilish judayam qiyin ekan. Ishdan kelganimda yoki biror bayram kunlari nimalardir deb kutib olgisi keladi-yu, lekin jur’ati yetmayotganini sezib turaman. Mendan uyaladimi, bilmayman… Ochiq aytaman, ayollar o‘z jufti halollariga har qancha shirin gapirib, erkalansa, tuyg‘ularini oshkora aytsa, erkak ham ayoliga shunchalik samimiy va mehribon bo‘ladi. 4-xulosa: jufti halolingizdan uyalmang, tuyg‘ularingizni bildiring! Pardoz Boisxon Ermatov, 45 yosh: — Menga qariganini erta tan olib, o‘ziga nisbatan umuman bee’tibor bo‘lib qoladigan ayollar yoqmaydi. «Biz endi yosh kelin bo‘larmidik», deb, pardoz qilishni, qomatni saqlab turish kerakligini unutib yuborganlar qancha. Birga uzoq yillar yashagan er-xotinlar orasida xiyonat aynan 40-45 yoshlarda ko‘proq kuzatiladi. Surishtirsangiz, ayoli eri haqida butunlay unutgan, o‘zini oilasiga bag‘ishlagan bo‘lib chiqadi. Axir oilaning asosi er, ayolning barcha harakatlari erning ko‘ngliga yo‘l topishga qaratilgan bo‘lishi kerak. 5-xulosa: ayolning qarishga haqqi yo‘q! Qayta tarbiya Hayotjon Burhonov, 24 yosh: — Qizlar ko‘proq tasavvurlariga ishonib yashaydilar. «Men turmushga chiqmoqchi bo‘lgan yigit unday bo‘lishi kerak, bunday yurishi kerak», deb orzularga erk berishadi. Orzu qilgan yaxshi, ammo taqdir ularga boshqacharoq turmush o‘rtoqni uchratsa, o‘shaning boriga qanoat qilmay, o‘zlari qayta tarbiyalamoqchi bo‘lishadi. Yigitlarga esa aql o‘rgataveradigan qizlar yoqmaydi. 6-xulosa: erkak kishiga o‘qituvchi sifatida emas, o‘quvchi bo‘lib ko‘rining. Ayollik nazokati Nodir Ergashev, 33 yosh: — Bozorda savdo qilaman. U yerdagi sotuvchilarni kollektivim deb atasak, ular orasida erkakshoda bo‘lib ketgan ayollar bilan muloqotda bo‘lgim kelmaydi. Albatta, bunday ayollar hayot taqozosi bilan bozorda rizqini terib yurishibdi. Ammo baribir erkak kishidan bir pog‘ona past tushib muomala qilgani durust. 7-xulosa: ayol kim bo‘lsa ham, ayollik nazokatini saqlab qolishi shart! Oliy mavqe Hasan Shodiyev, 38 yosh: — Bugungi kun ayolida hamma erkinlik va imkoniyatlar bor: mashina haydaydi, pul topadi, mansab egasi bo‘ladi... Men istardimki, ular ayol bo‘lib yashashdan eng oliy maqsad nima ekanligini unutmasalar bas. Karera deb turmushga chiqishni kechiktirish yoki farzandli bo‘lishni ortga surish bizning o‘zbek ayollarimizga xos emas. 8-xulosa: ona va rafiqa bo‘lish — ayolning hayotdagi eng oliy mavqesi! Qiziqishlar Bobur G‘anijonov, 30 yosh: — Erkaklarning ayollarga o‘xshab challari, chaqiriq, kelinsalom, hayitchoy kabi marosimlari birmuncha kamroq. Ularda faqat choyxona, osh va futbol bor. Xotinlar erlarining qiziqadigan narsalariga qarshi chiqmasdan, ochiq yuz bilan kuzatib, yaxshi kutib olsalar, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ladi! 9-xulosa: eringizning qiziqishlarini inkor etmang! Ko‘z yoshlar Latif Rafiqov, 52 yosh: — Ayol — dunyodagi eng kuchli va eng ojiz mavjudot. Unda yig‘lab olish orqali hamma salbiy taassurotlarni o‘zidan soqit qilish imkoniyati bor. Lekin bo‘lar-bo‘lmasga yig‘lab, eriga aytganini qildiradigan ayollar xato qiladilar. Chunki erkak kishi chin yig‘ini ajrata oladi. 10-xulosa: yig‘idan qurol sifatida foydalanmang! Ozodalik Eldor Hamidov, 18 yosh: — Men qizlar, ayollardagi ozodalikni qadrlayman. Shuning uchun ham qizlarning birinchi navbatda oyoq kiyimiga, tirnoqlariga, sochiga qarayman. Agar hammasi joyida bo‘lsa, tirnoqlarini o‘stirib olmagan, sochlari yog‘li bo‘lmasa, demak, bu qiz o‘zining yurish-turishini nazorat qila oladi, deb hisoblayman. 11-xulosa: Ozodalik — ayollikning muhim shartidir! Tejamkorlik Hojiakbar Tursunboyev, 56 yosh: — Xotinlarning isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib, to‘y-hashamda ko‘p dahmaza narsalarni o‘ylab topishiga qarshiman. Bu bilan o‘zlarini ham, oila boshliqlarini ham qiynab qo‘yadilar. 12-xulosa: rejali va tejamkor ayol — har bir erning orzusi! Kiyim Shodiyor Asanov, 36 yosh: — Xotinim bilan 12 yildan beri yashayotgan bo‘lsam, har mavsumda yangi ko‘ylak yoki mato chiqqanini aytib, «kiyimim yo‘q», deb noliyveradi. Modachilar xotinlar bilan til biriktirib, «erlaringning pulini shilinglar», deganmi, hayronman? 13-xulosa: kiyimga o‘ch bo‘lmang, chiroyli yurishni esdan chiqarmang! G‘amxo‘rlik Islomjon Qurbonov, 16 yosh: — Bolaligimda onam menga ko‘proq vaqt ajratardi. Hozir ulg‘ayib, mustaqil bo‘lsam ham onamning ko‘p ishlarda yordam berishini kutaman. Onam esa singillarimga sovchi kutish va uzatilgan opamning tashvishlari bilan yashaydi. 14-xulosa: oiladagi har bir erkak — ayolning g‘amxo‘rlik ob’ektidir! Orzu Jamshid Bositov, 23 yosh: — Institutdagi kursdosh qizlar qayoqdagi virtual muhabbatlarga ishonib yurishadi. Undan ko‘ra, yonlarida yurgan yigitlarning qadriga yetishsin. Oq otdagi shahzoda kompyuterdan emas, yoningizdan topiladi! 15-xulosa: osmoniy orzularni emas, amalga oshadiganlarini ko‘zlang! Qanoat Diyorjon Mahkamov, 27 yosh: — Ayollarga qancha yaxshilik qilmang, baribir bir kunmas-bir kun «senga tegib nima ko‘rdim?» deb noshukrlik qilarkan. Ayollar, noshukrlik qilmang! Xotinidan shu gapni eshitgan erkakning butun hayotdan, qolaversa, sizdan ko‘ngli sovib ketadi. 16-xulosa: borining qadriga yeting! Dardga sabr… Sardor Xalilov, 25 yosh: — Erining yaxshi-yomon kunida birdek, o‘zgarmasdan turadigan, suyansa, ishonsa bo‘ladigan ayollar saodatga erishadi, jamiyatda qadr topadi. Yengillik qilib, qiyinchilik sharoitida tashlab qochganlar esa oxir-oqibat xor bo‘ladi. Ayol eridan mehr istar ekan, avvalo uning o‘zi muhabbatli bo‘lsin. 17-xulosa: dard kelganda sabr qiling! Mehnatsevarlik Doniyor Mahkamov, 19 yosh: — Mehnatkash qizlarni yaxshi ko‘raman. Chunki ular uy-joyni toza tutishadi. Ko‘chalarga ertalabdan suv sepib, supurayotgan, lekin hali turmushga chiqmagan qizlarni ko‘rsam, «men ham kelajakda qizlarimni ana shunday tarbiyalayman», deb niyat qilaman. 18-xulosa: Mehnatsevar ayollar — erkaklarning yarim baxti! Maqtov Oybek Abdurahmonov, 35 yosh: — Ayol kishi kamroq gapirib, ko‘proq eshitsa, erkak kishiga shuncha ko‘p yoqadi. Yana erkaklarni tez-tez maqtab turish kerak. Shundagina uyingizda buzilgan dazmol, ishdan chiqqan jo‘mrak bo‘lmaydi, hammasi o‘z vaqtida bajariladi. 19-xulosa: Erkakni aqlli va chaqqon ekaniga ishontiring, ishingiz bitadi! "O‘zingizni hurmat qiling!" Aziz Tolipov, 30 yosh: — Ayollar erlaridan shubhalanish va doimo «meni yaxshi ko‘rasizmi?» deb so‘rayvergandan ko‘ra o‘zlariga bahoni baland berganlari ko‘proq samara beradi. Masalan, erkak ayolidan «sizga ishonaman, siz meni yaxshi ko‘rasiz, chunki men bunga munosibman» degan gapni eshitsa, ayolining bu qadar ishonchidan hayratga tushadi va beixtiyor uning gaplarini ma’qullaydi. 20-xulosa: o‘zingizni hurmat qiling, shunda boshqalar ham hurmatda bo‘ladi! Mana, so‘rovnomamizda ishtirok etgan 20 nafar erkakning 20 xil fikrini o‘qib ko‘rdingiz. Endi o‘zingizni taftish etib, qaysi fikrlarga qo‘shilishingiz, qay birini inkor etishingiz va sizda qaysi bir jihatlar topilmasligini sarhisob qilib ko‘ring. Xulosalaringizni umumlashtirib, «orzudagi ayol» bo‘lishingizga qancha qadam qolganini aniqlashtiring va olg‘a bosing. Shunda juftingiz sizdagi o‘zgarishni sezadi va sizni umrining oxirigacha sevishga minglab sabablar topa oladi!
|
Категория: