Avvalgi maqolalarimizning birida kostyum erkakka viqor va salobat berishini ta’kidlagan edik. Lekin har qanday kostyumga zeb beradigan muhim aksessuar – bu shubhasiz galstuk. Kostyum shim kiyadiganlarga xilma-xillik imkonini beradigan galstuk aslida nozik matolardan qilingan bo’lib unga alohida e’tibor berib avaylashimiz kerak. Demak galstukni qanday yechishdan tortib uni qanday saqlashimizgacha e’tibor berishimiz kerak bo’lgan ba’zi jihatlar bor. Quyida galstukni avaylashda nimalarga e’tibor berishimiz kerakligi haqida fikr yuritamiz.
Galstuk tugunini yechish
Galstukni tugunidan yechayotganda ehtiyot bo’lish kerak. Odatda uzun va og’ir kunning oxiriga kelib sizda tezroq shu galstukdan qutulsam degan fikr paydo bo’lishi turgan gap. Bunday paytda gastuk yechishning eng oson yo’li galstukning ingicha tarafini tortib chiqarish bo’lib ko’rinishi mumkin. Lekin galstukni bu yo’l bilan yechsangiz uning shakli buzulib tez eski tus ola boshlaydi. Agar galstuklaringiz yangiday tursin desangiz uni yechish uchun galstuk bog’layotgandagi bosqichlarni teskarisini qilib yechishni tavsiya qilamiz.
Galstukni saqlash
Ko’pchiligimiz galstukni yechgandan keyin uni o’rab qo’yamiz, tortmaga solib saqlaymiz yoki stulning beliga ilib qo’yamiz. Lekin galstuk nozik matodan qilinishini unutmasligimiz kerak. Shuning uchun galstukni saqlashning eng yaxshi yo’li uni yechgandan keyin osqichga bo’sh qilib osib qo’yish. Galstukni osib qo’ysa undagi yengil g’ijimlarning ketishi osonlashadi. Safarga chiqayotganingizda galstukni to’rt buklab kostyumingizning cho’ntagiga solib qo’ysangiz uning o’z shaklini yo’qotishini oldini olgan bo’lasiz.
Galstukni tozalash
Kichkina dog’ galstukni ishlatib bo’lmaydigan holga olib kelishi mumkin. Shuning uchun galstuk bilan ovqatlanayotganingizda juda ehtiyot bo’lishingizni maslahat beramiz. Agarda galstugingizga ovqat tegib ketsa zudlik bilan dog’ joyini sovuq suvda chaying. Dog’ni gazlangan suv bilan yuvish yaxshiroq natija berishi mumkin. Agar galstugingizga sok yoki sousga o’xshash suyuq narsa oqqan bo’lsa uni suv bilan ketishqazish qiyin bo’ladi. Bunday holda zudlik bilan galstugingizga kukun (un yoki bolalarda ishlatiladigan talk) seping. Bu kukun suyuqlikni o’ziga shimib oladi va qurigandan keyin uni yumshoq mato bilan artib tashlasangiz dog’ izi qolmasligi mumkin. Agar galstugingizni kimyoviy tozalashga bersangiz uni dazmollamasliklarini ta’kidlang. Dazmol galstuk chetidagi o’ziga hos buklamani buzib qo’yadi.
Galstuk g’ijimini ketkazish
Yuqorida aytganimizdak ga’stukni hech qachon dazmollamasligingiz kerak. Lekin nailoj ,galstuk g’ijim bo’ladi va bu g’ijimni bir nima qilib ketkazishimiz kerak. G’ijimni dazmolsiz ketkazishning eng yaxhsi yo’li bug’dan foydalanish. Yengil g’ijiim bo’lgan galstukni issiq dush olayotganingizda vanna xonaga osib qo’ysangiz g’ijimi ketadi. Qattiq g’ijimlangan galstukning g’ijimini ketkazish uchun esa manabunga o’xshash qo’l bug’ jihozini ishlatishni maslahat beramiz:
Galstuk qistirg’ich
Galstuk qistig’ichlar galstugingizning bir joyda qimirlamasdan turishi uchun va ovqatlanayotganda halaqt bermasligi uchun yaxshi narsa. Lekin undagi muammo qistirg’ich ishlatilganda galstukka ilinib qolib unda teshik yoki iplarni chiqib qolishiga sabab bo’lishi mumkin. Buni oldini olish uchun galstuk qistirgichni ko’ylagingiz va galstukning orqa tomonidagi matosiga qistiring.