Geyts va Sukerberg toza energiya texnologiyalari bilan shug'ullanadi
Jahonning bir qancha yirik kompaniyalari o'z mablag'i va harakatlarini ekologik toza energiya manbalari texnologiyalarini yaratish borasidagi ishlanmalar yo'lida birlashtirishlarini ma'lum qildi.
Ushbu maqsadda birlashgan tijoratchi va biznesmenlar guruh Breakthrough Energy Coalition nomini oldi. Ishtirokchilar qatorida Facebook asoschisi Mark Sukerberg, Microsoft asoschisi Bill Geyts, Amazon rahbari Jeff Bezos, Alibaba Group asoschisi Jek Ma, Virgin Group asoschisi Richard Brenson bor.
Dastlabki bosqichda guruh o'z mablag'larini elektr ishlab chiqarish, uni saqlash, etkazish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga sarflaydi. Keyinchalik ular innovatsion g'oyalarni keng bozorga olib chiqa oladigan yirik investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Breakthrough Energy Coalition guruhining asosiy maqsadlaridan biri global isishni to'xtatish va eng kambag'al davlatlarni energiya bilan ta'minlashdir.