Aksariyat kishilar avtomobillardagi tezlik, ishonchlilik, ko'rkamlik va dizaynni qadrlashadi. Avtomobilsozlik sanoatining o'tgan 128 yillik tarixi davomida ko'plab avtomobillar yaratilgan bo'lib, eski modellarning ayrimlari bugungi kungacha saqlanib qolgan va o'ta qimmat turadi.

1. “Alfa Romeo Tipo B”, 1932 yil, 5,6 mln dollar
Gran-prida qatnashish uchun 1932 yilda tayyorlangan avtomashina dastlabki poyga avtomobillarining yalovbardori hisoblanadi. Hajmi 2,6 litrli 8 tsilindrli dvigateli va 260 ot kuchiga egaligi hamda kuchaytirilgan aerodinamikasi bois “Tipo” 1932 va 1935 yillar oralig'ida naqd 26ta poygada g'olib chiqqan.

2. “Mercedes-Benz 38/250 SSK”, 1929 yil, 7,4 mln dollar
Klassik poyga rodsteri g'ildirak bazasi oldingi modelnikiga nisbatan qisqaroq bo'lganligi uchun SSK (Super Sport Kurz) laqabini olgan. Bu mashhur avtoishlab chiqaruvchi Ferdinand Porshe “Mercedes” uchun tayyorlagan oxirgi avtomobildir. SSK kapoti ostida katta quvvatga ega (300 ot kuchi) 7,1 litrli dvigatel joylashgan bo'lib, avtomashinaning tezligi soatiga 200 kilometrga etgan. 1930-yillarda SSK barcha Gran-prilarda etakchi bo'lgan.

3. “Shelby Cobra Daytona Coupe”, 1965 yil, 7,7 mln dollar
Har qanday shaharlikning orzusi bo'lgan “Shelby Cobra Daytona Coupe” —GT klassidagi “Ferrari”larga munosib raqib hisoblangan kamsonli amerika avtomobilidir. 430 ot kuchiga ega V8 dvigateli va 320 km/soat tezlik bu mashinaga 1964 yilgi Le-Man poygasini va 1965 yilda o'tkazilgan avtomobil ishlab chiqaruvchilar o'rtasidagi jahon chempionatida g'olib bo'lishiga imkon bergan.

4. “Ferrari 250 GT SWB California Spyder”, 1961 yil, 8,6 mln dollar
“Ferrari 250 GT SWB California Spyder” modeli ko'plab mukofotlarni qo'lga kiritgan “250 GT Berlinetta SWB”ning remeyki hisoblanadi. Yangi “Spyder” tekis korpus, ancha samarali shassi va qudratli 3 litrli V12 dvigateliga ega bo'lgan. Bu avtomobil Gollivud filmlarida tez-tez ko'zga tashlanganligi bilan ham ahamiyatli. Dizayni va ajoyib boshqaruvga ega bo'lgani tufayli “Spyder” butun dunyodagi avtoishqibozlarning sevimli mashinasiga aylangan.

5. “Mercedes-Benz 540K Special Roadster”, 1947 yil, 9 mln dollar
Ferdinand Porshe o'z avtomobillarini ishlab chiqarish bilan shug'ullanishni boshlashidan avval u bu 5,2 metrli “yirtqich” uchun dvigatel ishlab chiqqan. 5,4 litrli dvigatel va ajoyib qiyofasi “540K Special Roadster”ni aslzodalar, biznesmenlar va ekran yulduzlarining sevimli avtomobiliga aylantirgan. Ikki eshikli bu kabriolet katta tezlikda ham juda oson boshqarilgan. Bu esa o'sha yillardagi lyuks klassidagi avtomobillar uchun ham kamyob hodisa edi.

6. “Bugatti Royale Type 41 Kellner Coupe”, 1931 yil, 9,8 mln dollar
Aytishlaricha, Ettore Bugatti faqat qirollargina sotib olishi mumkin bo'lgan hashamatli avtomobilni yaratishni orzu qilgan ekan. Ettore bu orzusini ro'yobga chiqara oldi va uning avtomobili eng hashamatli avtomobilga aylandi. 12,7 litrli dvigateli “Bugatti”ni eng qudratli avtomobillardan biri bo'lishini ta'minladi. Qirollar uchun mo'ljallangan avtomashinadan atigi olti dona tayyorlangan.

7. “Duesenberg Model J”, 1931 yil, 10,3 mln dollar
Buyuk tushkunlik davrida Amerikaning “Duesenberg Automobile & Motors Company” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Model J” avtomobili amerikacha innovatsiyaning yorqin namunasi hisoblanadi. “Model J” Qo'shma Shtatlardagi eng maftunkor, tezkor, katta va qimmat avtomobil maqomini olish uchun maxsus yaratilgan. Bu avtomobillardan birini ispan qiroli Alfonso XIII va o'sha davrning eng ilg'or bir necha nafar biznesmeni sotib olgan.

8. “Ferrari 250 Testa Rossa”, 1957 yil, 27,5 mln dollar
Aksariyat avtoishqibozlarning ishontirishlaricha, “Ferrari 250 Testa Rossa” shunchaki kuchli avtomobil emas. U boy va mashhur insonlarning sevimli o'yinchog'iga aylangan sport avtomobillarining butun bir avlodini o'zida namoyon etadi. Hozirda bu avtomobil modellari 12 mln dollardan sotiladi, a'lo darajada saqlanganlarining narxi esa 27 mln dollargacha boradi.

9. “Mercedes W196R”, 1954 yil, 29,6 mln dollar
«Kumush o'q» degan nom bilan ham tanilgan “Mercedes W196R” o'zining noyobligi va boy kollektsionerlar orasida eng talab kuchli avtomobil bo'lganligi sababli ro'yxatda ikkinchi o'rinni egalladi. Hozirgi kungacha etib kelgan 10ta avtomobildan faqat bittasi shaxsga tegishli bo'lib, qolganlari “Mercedes-Benz” kompaniyasi hamda avtomobil muzeylariga qarashli. «Kumush o'q» 1954 va 1955 yillarda «Formula-1» poygalarida etakchi bo'lgan.

10. “Bugatti Type 57SC Atlantic”, 1937 yil, 40 mln dollar
“Bugatti Type 57SC Atlantic”ni tayyorlash bosqichi endigina boshlangan paytda kamdan-kam odam atigi to'rt dona avtomobil ishlab chiqarilishi mumkinligini taxmin qilgan bo'lsa kerak. Bugungi kunda bu avtomobildan atigi ikki donasi saqlanib qolgan bo'lib, biri mashhur modeler Ralf Lorenga tegishli va Parijda saqlanadi. Ikkinchisi esa noma'lum kollektsionerga tegishli bo'lib, Amerikaning Oksnard shahridagi “Mullin” avtomobil muzeyida ko'rgazmaga qo'yilgan.