Ba’zilar telefonlarga qiziqishadi, kimlardur fotoaparatlarga, yana kimdur esa moshinalarga qiziqadi. Mening qiziqishim – qo’l soatlari va ushbu maqolamda soatlarning tarixi, bugungi kundagi ahamiyati va soat tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida yozishga qaror qildim.
Soat tarixi
Soatlarning eng qadimgi tarixi eramizdan oldingi davrlarga borib taqaladi. Dastlab vaqtni o’lchash uchun insonlar toshlardan, olovdan, quyoshdan, suvdan va hatto qumlardan ham foydalanishgan. Bu davrlar asosan eramizdan oldingi 2000 – yillarga borib taqalar ekan.
Faqatgina 1275 – yilga kelib zamonaviy soatlar davri, Angliyada birinchi mexanik soat ixtiro qilinishi bilan boshlandi. Shu davrdan boshlab to hozirgacha biz ko’rib turgan soatlar o’zining eng mukammal ko’rinishiga, mexanizmiga ega bo’ldi.
Bugungi kundagi ahamiyati
Xo’sh, hozirgi davrda soatlar biz uchun qanchalik muhim? Avvalo aytish kerakki soat nafaqat vaqtni ko’rsatuvchi vosita, balki o’z egasining alohida bir hislatlarini ifodalovchi aksessuarga ham aylanib ulgurgan. Undan tashqari soat erkak kishi uchun eng yahshi sovg’alardan biri hisoblanadi.
Erkaklar soatlari qanchalik darajada chiroyli va qimmat bo’lishi kerak? Bu savolga men soatlarni sotuvchi bir internet saytida original javobni o’qigan edim. Soat narxi o’z egasining eng kamida 3 oylik maoshiga teng bo’lishi kerak deyilgan u yerda.
Soat tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak?
Ba’zilar uchun soat tanlash katta mashaqqat bo’lishi mumkin. Keling bu borada o’z fikrlarim bilan o’rtoqlashsam.
Avvalo soatni yahshilab ko’zdan kechirish lozim. Soat korpusida hech qanday shilingan, yorilgan, yoki metal parchalariga o’xshash joylar bo’lmasligi kerak. Chunki taqqaningizda qo’lingizga noqulaylik tug’dirishi mumkin.
Keyin soatni shunday tanlang-ki soat sizni qiziqishlaringiz, byudjetingiz, jamiyatdagi o’rningizni bildirsin.
Soat orqa qopqog’idagi yozuvlarni diqqat bilan ko’zdan kechirsangiz u yerda soatning ba’zi xususiyatlari yozilgan bo’ladi, va albatta original soatlarning ko’pida maxsus identifikatsiya raqami bo’ladi.
Hozirgi soatlarning aksariyati “water resistant” yani ma’lum bir metr chuqurlikgacha suv o’tkazmaslik xususiyatiga ega bo’ladi.
Soatlarning biroz og’irroq bo’lishi ham uning “toza”ligini bildiradi.
Soatlar mexanik, elektron va o’z-o’zini ta’minlovchi yani “samazavod” yoki “handwind” kabi mexanizmlarga ega bo’ladi. Elektron soatlar nisbatan hamyonbop va qulay (burash shartemas) bo’ladi. Mexanik soatlar esa qulog’ini burasangiz yuradi va har kuni qulog’ini burashingizga to’g’ri keladi. O’z-o’zini ta’minlovchi soatlar esa qo’lingiz qimirlasa shundan energiya oladi, yani impuls olib yuradigan soatlardir. Albatta eng qimmatlari ham shular hisoblanadi.
Soatlarning bandi (qo’l aylanasiga o’raladigan qismi) ham alohida ahamiyatga ega. Soat bandlari ishlov berilgan teridan yoki metallardan yasalishi mumkin. Ular soatning dizayni, ishlov berilishi, bilan hamohang bo’lishi kerak. Undan tashqari yana o’zingiz uchun ham qulay bo’lishi kerak. Agar sizda teri mahsulotlariga allergiyangiz bo’lsa metallardan yasalgan bandli soat tanlashingiz maqsadga muvofiqdir.
Hozirgi vaqtda soatlarning eng qimmatlari albatta “Swiss watch” yani Shveytsariyada ishlab chiqarilganidir. Patek Philippe, Rolex, Tissot kabi eng ilg’or brendlar kamida bir asrdan beri soat ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Timex, Polo, G-Shock, Citizen kabi soatlar esa boshqa davlatlarda ishlab chiqariladi va nisbatan arzonroq narxga ega bo’ladi. Masalan yuqori lavozimli insonlar, tadbirkorlar Patek Philippe, Rolex, Breitling kabi soatlardan foydalanishsa samolyot ekipaji a’zolari esa Casio soatlarining maxsus uchuvchilar uchun ishlab chiqarilganidan foydalanishni ma’qul ko’risharkan.
Aslida muhimi soatning brendi emas, uning ko’rinishi, qulayligi va egasiga qanchalik yordamchi bo’la olishidadir.