 Rayxona ko'chadagi tilanchilarga pul bermaslikka chaqirdi
|
O'zbek estrada san'ati vakillaridan biri Rayxona G'anieva “Instagram” ijtimoiy tarmog'idagi sahifasi orqali ko'chalarda tilanchilik qilib yurganlarni keskin tanqid qilib, muxlislarni ularga pul bermaslikka chaqirdi.
“Tilanchilik – biznes?! Murg'ak bola – biznes quroli! Manfur biznesga yo'l qo'ymang! Ularga pul bermang!” deb yozdi xonandi.
Uning aytishicha, ko'chada bolali tilanchi ayollarga duch kelsak, ko'pincha ularning bolalari uxlab yotganiga govoh bo'lamiz. Hech o'ylab ko'rganmisiz: nega ularning qo'ynidagi murg'ak bolalar doim uxlab yotadi? Vaxolanki, go'daklar doimo uxlamaydi, aksariyati esa tinib-tinchimas, sho'x bo'ladi. Bola xarxashasi tilanchilik jarayoniga xalaqit berishi mumkin. Bugun dunyo miqyosida tilanchilik “qora” biznes sifatida quloch otayotgan paytda, tilanchilar qo'lidagi bolalar ana shu biznesning bir qismiga aylanmayaptimi? Nega tilanchilar qo'lidagi bolalar doim uxlab yotadi?!
Mazkur post va fotosuratlar qisqa muddat ichida qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Unda ayrimlar tilanchilar yonini olgan bo'lsa, ko'pchilik xonandaning so'zlarini qo'llab-quvvatlamoqda.
Ayni paytda Rayxonaning sahifasini 326 mingdan ziyod follover kuzatib bormoqda. Estrada san'ati vakillarining ma'naviy qiyofasi, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati keskin tanqid ostiga olinayotgan bir vaqtda san'atkorning ijtimoiy mavzuga urg'u qaratishi ahamiyatga molik.
|
Категория: Shou-Biznes yangiliklari| Просмотров: 126
|