Suriyada IShIDga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan Islom inqilobi muhofazasi Korpusi (IIMK) generallaridan yana biri Rizo Hovariy jang vaqtida halok bo'ldi. Bu haqda Fars axborot agentligi xabar tarqatgan.
"IIMK generallaridan biri Suriyadagi jang vaqtida halok bo'ldi. Keyingi ikki kun davomidagi janglar vaqtida jami 8 nafar eronlik harbiy halok bo'ldi", deyiladi xabarda.
"Rizo Hovariy IIMKning "Fatemion" diviziyasi generali bo'lib, u Suriya armiyasiga IShID bilan janglarda harbiy maslahatchilik qilish vazifasi bilan kelgandi. U Hama viloyatidagi jang vaqtida halok bo'ldi", deydi agentlikka ma'lumot bergan IIMKning rasmiy vakili Ramazon Sharif.
23 oktyabr kungi janglar vaqtida Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajotning (2005-2013) shaxsiy tansoqchisi sifatida ishlagan harbiy, IIMK qo'mondonlaridan biri Bakiri Niyaraki ham halokbo'ldi.
Eslatib o'tamiz, 14 oktyabr kuni Erondan 1000 kishilik harbiy kontingent Suriya hukumatiga IShID bilan janglar uchun yordam berish maqsadida etib borgan edi.
Birinchi kungi harbiy harakatlardayoq eronlik 3 nafar ofitser halok bo'lgandi. Bular polkovnik Farhod Hasunzoda, brigada generali Hoji Hamid Muxtorband va general Xoseyn Xamdani edi. Ularning barchasi Islom inqilobi muhofazasi Korpusi a'zolari bo'lishgan.