So`nggi vaqtlarda tinchlantiruvchi preparatlar ham yordam bermayapti. Tunda allamahalgacha uxlay olmayman. Ertasiga esa lohas yuraman. Uyqusizlikka qarshi biror chora bormi? Eshitishimcha, uzoq vaqt dori preparatlarini qabul qilish ham nojo`ya ta`sir ko`rsatishi mumkin ekan».
Nafisa Sattorova, Buxoro shahri
ShIFOKOR KO`RIGI ZARURMI?
Bir oyda 1-2 marta yuzaga keladigan uyqusizlik asabiylik, ruhiy holat o`zgarishlari hamda surunkali toliqish asoratida kelib chiqsa, zarur choralar bilan muammo hal etilishi mumkin. Biroq haftasiga 2-3 marta, hatto undan ham ko`p takrorlanayotgan uyqusizlik jiddiy o`zgarishlardan darak beradi. Bu vaqtda tanish-bilishlarning maslahatiyu xalq tabobatiga murojaat qilishdan avval mutaxassis ko`rigidan o`ting. Bir qarashda oddiy ko`ringani bilan uyqusizlik e`tibor talab qiladigan holatdir. Bilib-bilmay davolanilsa, surunkali tus olishi yoki bosh miya faoliyatida turli o`zgarishlarga sabab bo`lishi hech gap emas.
UYQUMNI QAYTARING...
Xo`sh, muammo aniq – uxlay olmayapsiz. Endi nima qilasiz? Ko`zlarni yumib, sanoqni boshlashingiz ham mumkin. Ammo buning foydasi yo`q. Issiq choy ichish, mutolaa, televizor tomosha qilish ham naf bermaydi. Agar uyqusizlik asabiylikdan bo`lsa, avvalo tinchlanib olishingiz kerak. Bordiyu bu biror xastalik alomati bo`lsa, kasallikni davolamay, uyqungizni topolmaysiz.
Xastalik asorati sabab uyqusizlik kelib chiqsa, asosiy muolaja qatorida tinchlantiruvchi preparatlar ham buyuriladi. Bunday preparatlar uxlatuvchi ta`sirga ham ega bo`lib, belgilangan muddatgacha qabul qilinishi lozim.
Aks ta`siri, masalan, bosh aylanishi, lohaslik, uyqusirash kabilar kuzatilsa, preparat qabul qilish to`xtatilib, shifokor bilan maslahatlashgan ma`qul.
Bir turdagi preparatga o`rganib qolmaslik uchun muolajadan so`ng mustaqil davolanmang.
QAXVANI KAMAYTIRING!
Kofein inson organizmida 12-24 soatgacha saqlanib qoladi. Kechki tanovuldan so`ng bir finjon qaxva ichsangiz ham uxlolmasligingiz mumkin. Shuningdek, shokolad va qora choyda ham kofein etarlicha bo`lib, toliqqan organizmni yana faollashishga undaydi. Bu esa o`z-o`zidan uyqusizlikni keltirib chiqaradi. Qaxvaxo`rlar uchun eng ma`qul vaqt nonushta va tushlik hisoblanadi.
PREPARATLARNING NOJO`Ya TA`SIRI
Gripp, tumov shuningdek og`riq qoldiruvchi dori vositalari tarkibida ham uyqusizlikka sabab bo`luvchi birikmalar bo`lishi mumkin. Biror preparatni qabul qilishdan avval albatta yo`riqnomasi bilan tanishing. Nojo`ya ta`siri ko`rsatilgan qatorda uyqusizlik qayd etilgan bo`lsa, ehtiyotlik bilan qabul qiling.
ILIQ DUSh
Uxlashga yotishdan bir soat avval iliq dush qabul qiling. Diqqat qiling, suv harorati iliq va tanaga yoqimli bo`lishi lozim. Hozirda dorixonalarda tinchlantiruvchi o`simliklardan tayyorlangan to`plamlar sotiladi. Shulardan birini harid qilib, reseptida ko`rsatilgan usulda tayyorlang. Dokadan o`tkazib, vannadagi suv bilan aralashtiring. Muolaja uzog`i bilan 15 daqiqa davom etadi.
ERTALAB MAShK QILING!
Uyqusizlikka qanday aloqasi bor, deb o`ylashingiz mumkin. Aslida esa ertalabki badantarbiya mashqlari organizmni chiniqtirib, tetiklashishga yordam beradi. Shu bilan birga qon aylanishini ham yaxshilab, asabiylik va noxush o`ylardan xoli qiladi. Chiniqqan tana esa o`z vaqtida uyqu holatiga moslasha oladi.
KUNDUZI UXLAMANG!
Tushlikda bir-ikki soat mizg`ib olay deysiz-u, kechga borib, uyqungizni yo`qotib qo`yasiz. Shunday ekan, balki bu uyqudan voz kecharsiz? To`g`ri , gohida toliqqanimizdan ozroq dam olishni ihtiyor etamiz. Ammo kunduzgi uyqu qancha davom etsa-da, tungisining o`rnini bosolmaydi. Tunda organizmda ro`y beradigan almashinuv jarayonlari faqat shu vaqtdagina yuz beradi. Kunduzi esa shunchaki dam olasiz, xolos.
DORIVOR YoSTIQChA
Dorixoniga yo`lingiz tushsa, quritilgan yalpiz, qizilpoycha, lavanda va marmarak o`simliklaridan tayyorlangan yostiqcha sotib oling. Xushbo`y o`simliklardan tayyorlangan yostiqcha asabni tinchlantirib, xotirjam orom olishingizga yordam beradi.
IFORLI TUTATQI
Lavanda, atirgul, yasmin gulidan tayyorlangan efir moylari hamda iforli tutatqilar nafas yo`llari orqali ta`sir etish hususiyatiga ega. Uyquga yotishdan 1 soat oldin tutatqi yoki efir moyi solingan idishni xonaga olib kiring. Ifori etarlicha tarqagach, uyqusizlikdan xavotirlanmasangiz ham bo`ladi.
ASAL QO`ShILGAN SUT
Bosh og`riqlari va asab qo`zg`alishlaridan shikoyat qiluvchilarda hech bo`lmaganda tunda uyg`onib ketish holatlari uchrab turadi. Bu vaqtda uyqudan oldin 1 stakan iliq sutga 1 osh qoshiq asal aralashtirib, qabul qilish ayni muddao. Sut tinchlantiruvchi vosita bo`lsa, asal miya qon tomirlariga ijobiy ta`sir etib, zo`riqishni bartaraf etadi.
NAFAS MAShQI
Karavotda yotgan holatda quyidagi mashqni bajarib ko`ring. Ettigacha sanab, burun bilan nafas oling. O`pkani bo`shatayotganda zo`riqmaslikka harakat qiling. Bunda ko`zlar yumuq holatda, qo`llar yon tarafga uzatilgan, oyoq holati esa erkin bo`lishi kerak. Mashqni ikki-uch marta bajargach, tanangizda engillikni his etasiz.